IOSCO ko'p qirrali hamkorlikni faollashtirish tarafdori
Investitsiya institutlari milliy uyushmasining (IIMU) raisi Bahodir Ataxanov 2023-yilning 11-may kuni Ispaniyaga qilgan xizmat safari doirasida Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti (IOSCO) Bosh kotibi Martin Moloni bilan uchrashdi.
Uchrashuvda IIMUva IOSCO rahbarlari shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish va moliyaviy savodxonlikni oshirish boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, IIMUning ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga toʻliq aʼzo sifatida qoʻshilishi masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Janob Martin Moloni Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish so‘nggi yillarda ushbu mamlakatlarda moliya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni hisobga olgan holda IOSCO uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Tomonlar IIMUning IOSCO aʼzoligiga kirish jarayoni boshlash va barcha manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda moliya bozorini rivojlantirish sohasida qoʻshma loyihalarni, jumladan treninglar va seminarlarni tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishdilar.